Close
Skip to main content


Urganch davlat universiteti rektori To‘rtinchi O‘zbekiston–Belarus parlamentlararo forumida faol ishtirok etdi


Xiva shahrida To‘rtinchi O‘zbekiston–Belarus parlamentlararo forumi doirasidagi tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Forum O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, shuningdek, gumanitar, ta’lim, ilm-fan, turizm, sanoat va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga qaratilgan.

Forum doirasida “O‘zbekiston va Belarusning gumanitar va ijtimoiy sohalardagi strategik sherikligi: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusida yig‘ilish tashkil etildi. Mazkur nufuzli anjumanda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Oybek Sotiboldiyev hamrohligida ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida ikki mamlakat o‘rtasida oliy va professional ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash, innovatsiyalar hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi istiqbollari muhokama qilindi.

Forum Urganch davlat universiteti uchun ham yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mavjud sheriklikni yanada mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.

Xususan, forum doirasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti hamda Belarusning yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri — “Integral” OAJ kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan shartnoma imzolandi.

Shuningdek, universitetning Belarusdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, Brest davlat texnika universiteti hamda Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan tegishli shartnomalar imzolandi.

Mazkur kelishuvlar tomonlar o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv, qo‘shma loyihalar, innovatsion ishlanmalar hamda oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.