Bugun Urganch davlat universiteti Kengashining 2-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis universitet rektori Feruza Madrahimova raisligida, Kengash a’zolari ishtirokida tashkil etildi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan prorektorlar tomonidan axborot va hisobotlar taqdim etilib, universitet faoliyatining muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-sentabr kuni o‘tkazilgan oʻqituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda oliy ta’lim tizimi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, oliy ta’limda dual ta’limni yangicha yondashuv asosida, “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tamoyili bo‘yicha yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim jarayonini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Spin-off korxonalar faoliyatini rivojlantirish, o‘quv, ilmiy va xalqaro yo‘nalishlarda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning bajarilish holati tahlil qilindi. Xorijiy oliygohlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish, xorijiy adabiyotlar mualliflari bilan hamkorlikda har yili kamida 50 ta zamonaviy darslik yaratish, ilg‘or xorijiy o‘quv adabiyotlarini ta’lim jarayoniga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, 2026-yilda universitet faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”, o‘quv-uslubiy yo‘nalishdagi maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida amalga oshirilgan ishlar kafedralar kesimida ko‘rib chiqilib, ta’lim sifatini ta’minlash, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida universitet ta’lim yoʻnalishlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va ichki baholash jarayonlarini samarali tashkil etish, ilmiy laboratoriyalar hamda inkubatsiya markazlari faoliyatini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, shuningdek, bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Muhokama qilingan har bir masala yuzasidan universitet rektori Feruza Madrahimova tanqidiy-tahliliy fikrlarini bildirib, belgilangan vazifalarning natijadorligini ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ijro intizomini kuchaytirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar va tegishli ko‘rsatmalar berdi.


.jpg)




.jpg)

