Close
Skip to main content


Sun’iy intellekt laboratoriyasi: g‘oyalardan innovatsion loyihalar sari


Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetining Sun’iy intellekt laboratoriyasi talaba-yoshlar o‘z g‘oyalarini sinovdan o‘tkazadigan, yangi loyihalar ustida izlanish olib boradigan va istiqbolli startaplarini rivojlantiradigan muhim ilmiy-amaliy maydonga aylanmoqda.

Ahamiyatlisi, talabalarning Startap g’oyalari asosidagi qurilmalar, bugungi kunda sotuvga chiqib, jamiyatimizga foydasi tegmoqda.

Masalan,  “Smart Boiler” qurilmasi. Bu qurilma ko‘mirda ishlaydigan isitish qozonlarini avtomatlashtirish uchun ishlab chiqilgan innovatsion g’oyadir. Qurilma telefon orqali masofadan boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, isitish jarayonini qulay nazorat qilishga yordam beradi. Hozirgi kunda qurilma 15 ta xonadonda sinovdan o‘tkazilmoqda.

“Aqlli termodatchik” qurilmasi esa idora va tashkilotlar, maktab hamda maktabgacha ta’lim muassasalaridagi isitish qozonlarining kirish va chiqish haroratini o‘lchash uchun ishlab chiqilgan innovatsion qurilma. Qurilma olingan ma’lumotlarni hokimlikning Situatsion markaziga yuboradi va u yerda tahlil qilish orqali isitish tizimlarining ishlash samaradorligini nazorat qilish imkonini beradi. Ushbu tizim issiqlik ta’minotidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, energiya sarfini nazorat qilish va isitish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Hozirgi kunda qurilma Urganch shahri hamda Andijon viloyatining Andijon shahri va tumanidagi maktab va bog‘chalarga o‘rnatilgan.