Geografiya Kafedrasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Tabiiy va Qishloq xo'jaligi fanlari fakulteti Geografiya kafedrasiga 1949 yili asos solingan, shu yili Xorazm davlat pedagogika institutida “Geografiya-Biologiya” kafedrasi sifatida tashkil qilingan va ushbu kafedra 1964 yilga qadar faoliyat yuritgan, shu davrda kafedrada 3 nafar geograf olim faoliyat olib borgan. 1951 yildan boshlab geografiya mutaxassisligiga (tashkil qilingan kafedra nomi ba’zi yillarda “Tarix-Geografiya”, ba’zan “Geografiya-Biologiya”deb atalgan) talabalar qabul qilingan.
1965 yildan mazkur kafedra “Tarix-Geografiya” kafedrasi deb nomlangan. Shu davrdan boshlab kafedra professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratiladi. Buning natijasida 1966 yilda kafedra oʻqituvchisi Madrahim Ishchanov, 1968 yilda Tojiddin Allaberganov va 1971 yilda Polvonnazir Atayevlar nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganlar.
1984-1992 yillarda geografiya kafedrasi biologiya yoʻnalishi tarkibiga kiritilgan hamda ularning birlashuvi negizida “Geografiya-Biologiya” kafedrasi tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 28 fevraldagi F-356-sonli farmoniga asosan Xorazm Davlat pedagogika instituti negizida Urganch Davlat universiteti tashkil etildi. 1993 yildan boshlab universitetga poytaxt oliygohlarida fanning turli sohalarida faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilar ishga (ularning deyarli barchasi Xorazmda tavallud topgan olimlar) taklif qilindi. Jumladan, Qurbonniyozov Rustam, Atadjanov Ilhom Sharifovich, Avezov Sattarbergan Atabatevich, Xamroyev Muxtor Ozodovich, Dusanova Sharafat Boltabayevna kabi malakali professor-o'qituvchilar kafedra rivojiga ulkan hissa qo'shdilar. Shu yildan boshlab universitetda “Geografiya” kafedrasi tashkil etilib, kafedraning ilmiy-pedagogik salohiyati yanada ortdi.
Ana shu davrdan boshlab kafedra jamoasi “Quyi Amudaryo mintaqasining tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarini oʻrganish” ilmiy mavzusi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Ushbu mavzu doirasida kafedra professor-oʻqituvchilari tomonidan Quyi Amudaryo tabiiy geografik rayoni landshaftlari, mintaqaning tabiati, xoʻjaligi, aholisi va mehnat resurslarining shakllanishi dinamikasi, viloyat maktablarida geografiya ta’limi samaradorligini oshirish muammolari, hudud ijtimoiy-ekologik sharoitining aholi salomatligiga ta’siri, sanoat va qishloq xoʻjaligi rivojlanishi va joylanishining mintaqaviy jihatlari, mintaqa ijtimoiy rivojlanishining geografik axborot tizimlari (GAT) ni yaratish va xaritalashtirish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi ushbu ishlar bugungi kunda ham izchil davom qildirilmoqda.