Close
Skip to main content


Rasmiy munosabat


Rasmiy munosabat

Bugun ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Urganch davlat universiteti mas’ullaridan biri talabalardan forma talab qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushba masala yuzasidan Urganch davlat universiteti quyidagilarni ma’lum qiladi:

Avvalo, universitetda shu paytgacha talabalar uchun majburiy forma joriy etilmagan va forma kiyish talabi qo‘yilmagan. Universitet jamoasi talabalarning shaxsiy tanlovi, xohish istagi va erkinligini doimo hurmat qiladi.

Shu bilan birga, universitet muhitiga xos bo‘lgan ozodalik, saranjomlik, estetik did va munosib ko‘rinish madaniyatini shakllantirish masalalarini ham muhim hisoblaydi. Chunki talaba, avvalo, universitetning yuzi. Uning bilimi, odobi, muomalasi va ko‘rinishidagi madaniyati ham ta’lim dargohining umumiy muhitini aks ettiradi.

Shuning uchun universitetda umumiy ma’noda talabalarning ta’lim muassasasiga munosib qiyofada bo‘lishi, zamonaviy, chiroyli, ozoda kiyinish, o‘zlarini munosib tutishlari bo‘yicha tavsiyalar berib boriladi. Zero, bular faqat tavsiya sifatida, majburiyat emas.

Shu bois, universitetda «forma kiyish shart» degan talab qo‘yilgani haqiqatdan yiroq. Tanlov faqat talabalarimizniki, tavsiyalar esa madaniyatimiz va estetik did uchun.

Shuningdek, tarqalgan xabarlarda universitet mas’ullaridan birining audioyozuv haqida aytilgan. Agar biror xodimning audiyozuvi mavjud bo‘lgan taqdirda ham uni universitetning rasmiy pozitsiyasi sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas. Alohida shaxsning og‘zaki fikri yoki topshirig‘i universitetning rasmiy qarori va umumiy siyosatini anglatmaydi.