Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Bo`sh ish
    o`rinlari



Urganch davlat universiteti rektorining 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” munosabati bilan bayram tabrigi



urdu.uz,URGANCH DAVLAT UNIVERSITETI REKTORINING 21-OKTABR – “OʻZBEK TILI BAYRAMI KUNI” MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

 

                                            Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!                                              

Muhtaram ustozlar!

Aziz talabalar!

     Avvalam bor, barchangizni 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” bilan, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman.
     Darhaqiqat, 21-oktabr oʻzbek millati uchun qutlugʻ sana. Bundan 32 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulugʻ orzusiga yetishdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu Mustaqilligimiz sari qo‘yilgan eng dadil qadam edi. Bu qonunning qabul qilinishi oson kechmagan. Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi-desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimiz ruhini ko‘tardi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘sini oshirdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratildi.
     O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
     Bugungi kunda dunyoda 40 milliondan ortiq insonning ona tilisi hisoblangan o‘zbek tilining jahonda tutgan o‘rni kun kundan yuksalib bormoqda. Bu tilning jozibasi va salmog‘i, unda yaratilgan o‘lmas adabiy asarlar jahonda o‘z mavqeyi va o‘rniga egadir. Shuningdek, ona tilimizning nufuzini oshirishga, uning asl holida saqlanishi va rivojlanishiga xizmat qilish har birimizning burchimiz, desak yanglishmaymiz.
     Bugun jonajon O‘zbekistonimiz «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» degan ustuvor g‘oya asosida o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Barcha sohalar bilan birga davlat tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha ham  keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan  2019-yil 21-oktabr kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmon qabul qilindi. Unga binoan,  21-oktabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Shuningdek, Farmonda ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar qatorida, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha alohida tuzilma tashkil etilishi belgilandi.  Bu tuzilma davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi.
    Shu o‘rinda Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin» degan so‘zlaridan shuni anglab yetishimiz kerakki, til har bir millat madaniyatining o‘zagi, u xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydigan, birlashtiradigan, tarbiyalaydigan, o‘qitadigan, urf-odat, anʼanalarini saqlaydigan asosiy vosita ekanligini har birimiz chuqur anglab, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak. Bu bizning kelajak oldidagi vazifamiz va burchimizdir. Chunki tilsiz hech bir millat to‘laqonli xalq bo‘la olmaydi. Usiz Vatanning erki yo‘q. Davlatimiz rahbarining e’tibori, bu qutlug‘ sanani eng yuksak darajada nishonlash bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari o‘zbek tilining nufuzini, uning ahamiyatini yanada oshiradi, deb o‘ylaymiz.
Hammamizga millatimizning qutlug‘ o‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin.
 
Baxrom Abdullayev
Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d., dotsent.

Ulashish: