Close
Skip to main content


Rektor Tarix va huquq fakulteti jamoasi bilan uchrashdi


Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimovaning navbatdagi uchrashuvi Tarix va huquq fakulteti jamoasi bilan bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida fakultet dekani Shokir Atayev fakultetning 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalari hamda 2026/2027-o‘quv yilida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot berdi.

Uchrashuvda kafedralar kesimida ilmiy salohiyatni oshirish masalalari atroflicha tahlil qilindi. Ilmiy maktablarni yo'lga qo'yish, ilmiy-nazariy seminarlarni keng ko'lamda tashkil etish, o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish hamda nashr etish masalalari muhokama qilindi. Tegishli fan yo'nalishlarida magistratura mutaxassisliklarini ochish, Huquq kafedrasi qoshida “Yuridik xizmat ko‘rsatish” markazini tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi.

Xorijiy professor-o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga jalb etish, professor-o‘qituvchilarni xorijiy stajirovkalarga yuborish, TOP-300 talikka kiruvchi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘quv dasturlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, xalqaro konferensiyalarni yuqori saviyada tashkil etish hamda universitetning maqsadli ko‘rsatkichlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish masalalariga e’tibor qaratildi.

Muloqotda bitiruvchilar bandligini ta’minlash, talabalar amaliyotini mutaxassislikka mos korxona va tashkilotlarda tashkil etish, dual ta’limni rivojlantirish, stipendiatlar safini kengaytirish, iqtidorli talabalar bilan manzilli ishlash, to‘garaklar faoliyatini rivojlantirish hamda talabalarni talabalar turar joylariga joylashtirish bo‘yicha vazifalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq va vazifalar berildi.