Close
Skip to main content

“Matematik tahlil” kafedrasi haqida

      “Matematik tahlil” kafedrasi dastlab “Funksiyalar nazariyasi” nomi bilan 1992 yilda akademik A.S. Sadullaev tomonidan tashkil etilgan. Kafedrada kompleks potensiallar nazariyasi, ko'p kompleks o'zgaruvchili funksiyalar nazariyasi sohasida chuqur ilmiy izlanishlar olib boriladi, yosh kadrlarni tayyorlash maqsadida ilmiy maktab shakllantirilgan.

Kafedraga turli yillarda quyidagi olimlar rahbarlik qilgan:

  • 1992–1996 yillarda – akademik A.S. Sadullaev;
  • 1996–1998 yillarda – professor S.A. Imomqulov;
  • 1998–1999 yillarda – professor R.Z. Abdullaev;
  • 2000–2007 yillarda – professor R.M. Madraximov;
  • 2007–2009 yillarda –professor S.A. Imomqulov;
  • 2009–2014 yillarda –professor R.M. Madraximov;
  • 2014–2015 yillarda – dotsent J.U. Xujamov;
  • 2015–2016 yillarda – dotsent M.D. Vaisova;
  • 2017–2018 yillarda – dotsent Y.R. Saidov;
  • 2018–2020 yillarda – dotsent A.A. Atamuratov;
  • 2020–2026 yillarda – dotsent R.A. Sharipov;
  • 2026 yil apreldan boshlab kafedraga f.-m.f.n., dotsent J.U. Xujamov rahbarlik qilib kelmoqda.

        Bugungi kunda kafedra o‘z faoliyatini zamonaviy ilmiy yondashuvlar, xalqaro tajribalar va ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etish asosida olib bormoqda. Kafedrada yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, ilmiy darajaga ega mutaxassislar, yosh tadqiqotchilar faoliyat yuritmoqda.


Kafedrada o‘qitiladigan fanlar

Kafedra o‘quv jarayonida bakalavriat va magistratura bosqichlarida turli yo‘nalishlardagi nazariy hamda amaliy fanlardan dars beradi.

Bakalavriat fanlari:

  • - Matematik analiz
  • - Kompleks o‘zgaruvchili funksiyalar nazariyasi
  • - Funksional analiz
  • - Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika
  • - Matematika o‘qitish metodikasi
  • - Maxsus tanlov fanlari va zamonaviy amaliy kurslar

Magistratura fanlari:

  • - Ko‘p kompleks o‘zgaruvchili funksiyalar nazariyasi
  • - Potensiallar nazariyasi
  • - Plyuripotensiallar nazariyasi
  • - Oqimlar va m-subgarmonik funksiyalar nazariyasi
  • - O'lchovlar va integrallar nazariyasi

       Ushbu fanlar talabalarga zamonaviy matematik analizning nazariy asoslarini, ularning amaliy tatbiqlarini va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish imkonini beradi.


Bakalavriatura ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi to’g’risida

      60540100 – Matematika bakalavriatura ta’lim yo‘nalishi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllarida amalga oshiriladi. Barcha ta’lim shakllari kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, kunduzgi ta’lim muddati 4 yilni tashkil etadi. Ushbu yo‘nalishning asosiy maqsadi — talabalarda matematik tafakkur, modellashtirish ko‘nikmalari, tahliliy fikrlash va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishdir. Yo‘nalish matematikaning turli tarmoqlari — algebra, analiz, geometriya, ehtimollar nazariyasi va statistikasi, matematika o'qitish metodikasi, kompyuter matematikasi — sohalarini chuqur o‘rganishni qamrab oladi.

Kasbiy faoliyat ob’ektlari:

  • - Matematik modellashtirish va kompyuter texnologiyalari qo‘llaniladigan sohalarda ilmiy-tadqiqot faoliyati;
  • - Jarayon va tizimlarni matematik modellashtirish, ularning algoritmik yechimlarini ishlab chiqish;
  • - Fan, texnika, iqtisodiyot, boshqaruv va ta’lim sohalarida matematik usullarni tatbiq etish;
  • - Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalarida matematika fanidan dars berish.

Bakalavr bitiruvchilari zamonaviy raqamli texnologiyalar, algoritmlash, dasturlash va tahliliy fikrlash ko‘nikmalariga ega bo‘lib, matematik bilimlarni amaliy faoliyatda qo‘llay olish salohiyatiga ega bo‘ladilar.

     70540101 – Matematika magistratura mutaxassisligi.  Magistratura dasturi kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. O‘qitish kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi, o‘qish muddati 2 yil. Mazkur mutaxassislik “Tabiiy fanlar, matematika va statistika” sohasi doirasiga kiradi. Magistratura bitiruvchilari fundamental va tatbiqiy matematika yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, matematik modellar tuzish, ularni dasturiy amalga oshirish va tabiiy-texnik sohalarda matematik metodlarni qo‘llash bo‘yicha chuqur bilim va malakaga ega bo‘ladilar.

Kasbiy faoliyat ob’ektlari:

  • - Fanlar akademiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy bo‘limlari;
  • - Oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari;
  • - Fundamental va tatbiqiy matematika sohalaridagi modellar, tahlil usullari va dasturiy loyihalar;
  • - Matematik metodlar asosida ishlab chiqiladigan amaliy, texnik va iqtisodiy loyihalar.

Magistrlar zamonaviy ilmiy tadqiqot metodlarini, matematik analizning chuqur nazariy asoslarini, funksiyalar nazariyasini, shuningdek kompyuter algebra tizimlarini mukammal o‘zlashtiradilar.


      “Matematik tahlil” kafedrasi o‘zining 30 yildan ortiq faoliyati davomida yurtimizda yuzlab malakali mutaxassislar, fan nomzodlari, doktorlar, o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarni tayyorlab chiqardi. Bugungi kunda kafedra ilmiy maktab darajasiga yetgan bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosda ham tan olingan ilmiy markazlardan biridir. Kafedra jamoasi matematikaning chuqur nazariy muammolarini hal etish, ularni amaliy sohalarga tadbiq etish, hamda yosh avlodni ilmga yo‘naltirish yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.