Close

«Yengil sanoat texnologiyalari va jixozlari» kafedrasi

 

2018-yildan Urganch Davlat universiteti Kimyoviy-texnologiya fakulteti Kimyoviy texnologiyalar kafedrasi tarkibida “Yengil sanoat texnologiyalari va jihozlari” mutaxassisligi bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. 2021-yilda ushbu yo‘nalish asosida “Yengil sanoat texnologiyalari va jihozlari” kafedrasi tashkil etildi.

2021–2024-yillarda kafedraga texnika fanlari nomzodi, dotsent N.K. Saparbayeva rahbarlik qildi. Ushbu davrda kafedrada 18 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, jumladan 3 nafar dotsent, 2 nafar katta o‘qituvchi, 4 nafar o‘qituvchi va 8 nafar o‘qituvchi-stajyorlar ta’lim va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandilar.

Kafedra professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati yuqori bo‘lib, olib borilayotgan tadqiqotlar amaliy yechimlarga yo‘naltirilgan. Xususan, texnika fanlari doktori, dotsent Z.K. Babayev tomonidan 120 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, 5 ta uslubiy qo‘llanma, 3 ta o‘quv qo‘llanma va 2 ta darslik chop etilgan. Texnika fanlari nomzodi, dotsent N.K. Saparbayeva esa 70 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, 8 ta uslubiy qo‘llanma, 1 ta o‘quv qo‘llanma hamda 1 ta darslik muallifi hisoblanadi.

2024-yildan boshlab kafedraga texnika fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent H.P. Jumaniyozov mudirlik qilmoqda. Hozirgi kunda kafedrada 15 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, ulardan 1 nafari fan doktori, 7 nafari PhD ilmiy darajasiga ega. Kafedraning ilmiy salohiyati 53 foizni tashkil etadi.

Kafedra xodimlari tomonidan 11 ta ixtiro uchun patent, 25 ta EHM dasturi uchun guvohnoma olingan. Shuningdek, 5 ta darslik, 8 ta o‘quv qo‘llanma, 10 ta monografiya, 25 ta uslubiy qo‘llanma hamda Scopus va Web of Science (WoS) bazalarida indekslangan nufuzli jurnallarda 65 ta ilmiy maqola chop etilgan. Kafedra professor-o‘qituvchilarining ilmiy-amaliy faoliyati yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular o‘z sohalarida innovatsion va zamonaviy metodikalarni ishlab chiqmoqdalar.

Kafedrada kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Hozirda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 400 nafar talaba tahsil olmoqda:

  • 60721200 – Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi (yigirlangan ip ishlab chiqarish);

  • 60721400 – Yengil sanoat texnologiyalari va jihozlari (tikuv buyumlari texnologiyasi);

  • 60720700 – Yengil sanoat muhandisligi (tikuv buyumlari texnologiyasi, yigirlangan ip, ipak va to‘qimachilik texnologiyalari).

Kafedra Xorazm viloyatidagi yirik yengil va to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Jumladan, “Urganch Bahmal” MChJ va “Urgench Cluster” MChJ korxonalarida 5+1 shaklidagi dual ta’lim tizimi joriy etilgan. Shuningdek, “Artatex” MChJ, “Urgench Cluster” MChJ, “Xiva Cluster” MChJ va “UZTEXGRUP” MChJ korxonalarida talabalar uchun oylik maosh bilan ta’minlangan malakaviy amaliyotlar tashkil etilgan.

Umuman olganda, kafedra o‘quv jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bilan bir qatorda, ilmiy tadqiqotlar orqali sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni yaratish va sohani innovatsion yondashuvlar asosida takomillashtirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.