Urganch davlat universitetida ispaniyalik professor Pedro-Xose Torres Vilyarroya ishtirokida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi
Bugun, 26-may kuni Urganch davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti "Algebra va matematik injiniring" kafedrasida xorijlik taniqli olim ishtirokida yuqori saviyali ilmiy seminar o‘tkazildi.
Seminarda xalqaro miqyosdagi hamkorlik doirasida universitetimizda mehmon bo‘lib turgan Ispaniyaning nufuzli Granada universiteti “Amaliy matematika” kafedrasi professori Pedro-Xose Torres Vilyarroya (Pedro-Jose Torres Villarroya) ma’ruza qildi.
Olim o‘zining "Periodic solutions for the Lorentz force equation" mavzusidagi taqdimotida Lorens kuchi tenglamasi uchun davriy yechimlarni topishning zamonaviy va ilg‘or matematik usullari haqida batafsil ma’lumot berdi. Differensial tenglamalar va fundamental fizika kesishmasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ushbu ma’ruza ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirda "Algebra va matematik injiniring" kafedrasi professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, magistrlar va bakalavr talabalari faol ishtirok etdilar. Seminar yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar va xorijlik mutaxassis bilan qizg‘in ilmiy bahs-munozara olib bordilar.
Bu kabi xalqaro seminarlar universitetimiz ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda yosh olimlarimizning jahon ilm-fan integratsiyasiga kirishishida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.


