Fizika-matematika fanlari doktori O‘razboyev Gayrat O‘razaliyevich ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tdi
O‘razboyev Gayrat O‘razaliyevich seminar davomida o‘zining “Moslangan manbali nochiziqli evolyutsion tenglamalarni sochilish nazariyasining teskari masalasi usuli yordamida integrallash” mavzusidagi ma’ruzasi va taqdimotini namoyish etdi.
Seminar-trening davomida ko‘rilgan asosiy ilmiy masalalar:
Ma’ruzachi nochiziqli evolyutsion tenglamalarni sochilish nazariyasining teskari masalasi usuli (SNTMU) yordamida integrallashning nazariy asoslariga to‘xtalib, quyidagi dolzarb yo‘nalishlarni batafsil yoritib berdi:
- To‘g‘ri va teskari masalalar: Shturm-Liuvill operatori hamda Dirak sistemasi uchun to‘g‘ri va teskari masalalarning qo‘yilishi.
- Potensialni qayta tiklash: Gelfand–Levitan–Marchenko integrallari va tenglamalari orqali potensialni aniqlash usullari.
- Amaliy tatbiq: Manfiy tartibli yuklangan nochiziqli Shredinger tenglamasini Dirak operatori uchun teskari masala usuli yordamida integrallash jarayoni.
Xalqaro nashrlar bo‘yicha tavsiyalar: Seminar davomida faqatgina nazariy masalalar emas, balki olingan muhim ilmiy tadqiqot natijalarini Scopus va Web of Science bazasidagi nufuzli xorijiy jurnallarda muvaffaqiyatli chop etish bo‘yicha yosh olimlar va tadqiqotchilarga qimmatli tavsiyalar berildi.
Qizg‘in bahs-munozara va munozaralar
Seminar-trening yakunida ishtirokchi professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar va magistrantlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qildilar. Xususan:
1.Sochilish nazariyasining teskari masalasi usulining zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda qo‘llanish istiqbollari;
2.Gelfand-Levitan-Marchenko tenglamalari yechimlarining regulyarligi (silliqligi);
3.Manfiy tartibli nochiziqli tenglamalarning o‘ziga xos xususiyatlari atrofida qizg‘in fikr almashildi.
Ushbu seminar yuqori ilmiy saviyada o‘tdi va kafedra tadqiqotchilari uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.


