Close


Rektorning yangi yil tabrigi

Aziz professor-o‘qituvchilar, talabalar, universitetimiz jamoasi!

Mana shu unutilmas, shukuhli damlarda sizlarni va siz orqali oila a’zolaringizni qutlug‘ qadamlar bilan yurtimizga kirib kelayotgan yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni izhor etishni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

Bugungi kunda oldimizda turgan buyuk maqsadlarimizga erishish, hayotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mamlakatimiz qo‘yayotgan amaliy qadamlar, O‘zbekistonimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalib borayotgani barchamizga yaxshi ma’lum.

Shu ma’noda, o‘tgan 2020- yilda bizning universitetimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jamoamiz pedagoglarining ilmiy salohiyatini oshirishda qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida 25 nafar fan doktori va 190 nafar fan nomzodlari faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Bugungi kunda ilmiy salohiyat 26 % tashkil qiladi.

Shu bilan birga, hammamiz yaxshi tushunamizki, faqatgina jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk, zamonaviy bilimga, o‘z fikr va qarashlariga ega bo‘lgan, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yangi avlodimizni kamol toptirish – hukumatimiz ko‘zlagan obod va farovon hayot barpo etishning asosiy garovi va aytish mumkinki, hal qiluvchi sharti bo‘lib maydonga chiqmoqda.

Kirib kelayotgan yangi 2021- yil yurtimizda “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilinganini xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz katta mamnuniyat bilan kutib olgani va keng qo‘llab-quvvatlayotgani, bu qaror el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlariga naqadar hamohang ekanidan dalolat beradi. Va o‘z navbatida universitetimiz jamoasi oldiga ham yanada ulkan vazifalarni qo‘yadi.

Azizlar!

Yangi yilda barchamizning Yaratgandan ezgu orzu-maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishini, xonadonlarimizning qut-barakasi, fayzini berishini chin qalbimizdan so‘raymiz. Kirib kelayotgan yangi yil yurtimizga, barcha-barcha oilalarga baxt-u saodat va omad keltirsin! Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Yangi yil barchangizga muborak bo‘lsin!

B.Abdullayev

Urganch davlat universiteti rektori

Ulashish: