Close


Davlat oliy ta'lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
DAVLAT OLIY TA’LIM MUASSASALARINING AKADEMIK VA TASHKILIY-BOSHQARUV MUSTAQILLIGINI TA’MINLASH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining mustaqilligini kengaytirish, ular faoliyatida davlat ma’muriy boshqaruvini keskin kamaytirish hamda shu orqali o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi davlat oliy ta’lim muassasalarini shakllantirish maqsadida:
1. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalariga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilsin:
a) akademik mustaqillik sohasida:
o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, ta’lim tilini hamda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim olish shaklini belgilash;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun o‘qish davomiyligi muddatlarini belgilash;
doktoranturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymatini belgilash, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qo‘shimcha ravishda qabul qilish;
doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash;
magistratura bosqichida ta’limning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘sh malakalar, shu jumladan amaliy malakalar berish tizimini joriy qilish;
o‘zaro kelishuvlar asosida oliy ta’lim muassasalari bilan akademik mobillikni amalga oshirish;
oliy ta’lim muassasasi va uning tuzilmasidagi ta’lim muassasalari uchun o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish;
ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish;
b) tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida:
faoliyatining asosiy yo‘nalishi ta’lim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;
oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlardan qat’i nazar muassasaning tuzilmasini tasdiqlash va shtat birliklari sonini belgilash;
mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagi ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarni tugatish;
pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash;
xorijiy davlat fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish va masofaviy ta’lim olish shaklida o‘qitishni tashkil etish.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan vakolatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
2. Vazirlar Mahkamasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Vazirlar Mahkamasi, vazirlik (idora)larning quyidagi vakolatlarini ta’lim muassasalariga o‘tkazish:
chet el fuqarolarining o‘qishini xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish;
oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi va mas’ul kotibini, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘tkaziladigan imtihonlar bo‘yicha qabul komissiyasi raisi va a’zolari, imtihonlar jadvali, imtihon olinadigan fanlar dasturlari va baholash mezonlarini tasdiqlash;
oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning amaliyotni o‘tash tartibini tasdiqlash va uni tashkil etish;
oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ichki tartib qoidalari, jumladan ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablarni belgilash.
b) Vazirlar Mahkamasining oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasidagi quyidagi vakolatlarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) o‘tkazish:
oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va kasblar ro‘yxatini tasdiqlash;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qish davomiyligining eng kam muddatlarini belgilash;
kechki, sirtqi va masofaviy ta’lim shakli joriy etilmaydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini belgilash;
darsliklar, o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish tartibini, shuningdek, ularni yetkazib berishga va ulardan ta’lim tashkilotlarida foydalanishga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
ta’lim muassasalariga nisbatan moddiy-texnik, infratuzilmaviy va parametrik talablarni belgilash;
v) ilmiy kengash a’zolarining yarmidan ko‘pi mazkur kengashni tuzgan ta’lim muassasasi (ilmiy tashkilot)da faoliyat yurituvchi olimlardan iborat bo‘lishi haqidagi talabni bekor qilish.
3. 2022-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida vasiylik kengashlari tugatilsin hamda tarkibining kamida 70 foizi tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat bo‘lgan yuridik shaxs maqomisiz oliy ta’lim muassasalarining Kuzatuv kengashlari tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Kuzatuv kengashining tarkibi tizimida oliy ta’lim muassasasi mavjud tegishli vazirlik (idora) tomonidan tasdiqlanadi;
moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasasi rektori Kuzatuv kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Kuzatuv kengashi o‘z vakolatlarini oliy ta’lim muassasasi kengashiga topshirishga, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi kengashiga kiruvchi vakolatlarni o‘z zimmasiga olishga haqli.
4. Belgilansinki, Vazirlik davlat va davlat ulushi mavjud oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantiradi, shuningdek, nomzodlar va rektor (direktor)larning boshqaruv qobiliyatini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, taqdim etilayotgan akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv mustaqillikdan samarali foydalanish mavzularida tashkil etiladigan maqsadli malaka oshirish kurslarida o‘qishini tashkil etadi.
5. Vazirlik tizimida oliy ta’lim muassasasi mavjud vazirlik (idora)lar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda davlat oliy ta’lim muassasalarining xalqaro ilmiy-texnikaviy ma’lumotlar bazalariga doimiy a’zoligini ta’minlasin hamda ulardan talaba, tadqiqotchi va o‘qituvchilarning bepul foydalanishini yo‘lga qo‘ysin;
2022-yil yakuniga qadar barcha davlat oliy ta’lim muassasalari kutubxona fondidagi o‘quv adabiyotlarining to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishini ta’minlasin hamda Vazirlik huzurida yagona “Elektron kutubxona” platformasini ishga tushirsin.
Belgilansinki, “Elektron kutubxona” platformasini ishlab chiqish va yuritish Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
6. Vazirlik tomonidan oliy ta’lim muassasalarida hisobotlarni tayyorlashning qog‘oz shaklidan voz kechish hamda ta’lim muassasasi faoliyatini avtomatlashtirish bo‘yicha Jahon banki bilan hamkorlikda Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — Axborot tizimi) ishlab chiqilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlik Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik (idora)lar bilan birgalikda:
a) birinchi bosqichda — 2022-yil 1-martga qadar:
Axborot tizimining “O‘quv jarayonini boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda oliy ta’lim muassasasining akademik faoliyati, xususan talabaning davomat hisoboti, o‘zlashtirish qaydnomasi va reyting daftarchasi, shuningdek, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari raqamlashtiriladi;
Axborot tizimining “Ilmiy jarayonni boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda professor-o‘qituvchilarning ilmiy loyihalari, maqolalari, ilmiy-uslubiy nashrlari, ilmiy izlanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi hamda professor-o‘qituvchilar va kafedralarning ilmiy salohiyatini baholash masalalari avtomatlashtiriladi;
Axborot tizimining “Ma’muriy jarayonni boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda oliy ta’lim muassasasining tuzilmasi, boshqaruv kadrlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi va talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuritish hamda tegishli hisobotlarni tayyorlash raqamlashtiriladi;
Axborot tizimining “Moliya-xo‘jalik faoliyatini boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda to‘lov-shartnomalar elektron ko‘rinishda taqdim etiladi, stipendiya to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizim orqali amalga oshiriladi;
b) ikkinchi bosqichda — 2022-yil 1-mayga qadar Axborot tizimining “Ta’lim sifatini nazorat qilish” qismini joriy qilsin. Bunda ta’lim sifati bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari ko‘rsatkichlarining ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi va oliy ta’lim muassasalari milliy reytingini yuritish avtomatlashtiriladi hamda ta’lim sifati monitoringini masofaviy shaklda olib borish imkoniyati yaratiladi;
Belgilansinki:
Axborot tizimi 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab o‘qishga qabul qilingan talabalarni to‘liq qamrab olgan holda bosqichma-bosqich joriy etiladi;
ta’lim jarayonlarini boshqarishning boshqa dasturiy ta’minotiga ega oliy ta’lim tashkilotlari uchun Vazirlik va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan talablar bo‘yicha o‘z tizimining Axborot tizimiga integratsiya qilishi majburiy hisoblanadi;
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Axborot tizimidan tekin foydalanadi hamda unga ta’lim sifatini monitoring qilish, jumladan talaba, doktorant va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazish imkoniyati yaratiladi;
Axborot tizimini joriy etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar oliy ta’lim muassasalarining mablag‘lari, texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish xarajatlari Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
davlat oliy ta’lim muassasalariga Axborot tizimini joriy etish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Vazirlik tizimidagi tashkilotlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.
7. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi uch oy muddatda, jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim sifatini ta’minlash va nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin:
ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyalashning institutsional va maxsus (ta’lim yo‘nalishlari, ixtisoslik turlari va boshqalar bo‘yicha) shakllarini joriy etish;
ta’lim sifatini ta’minlash va nazorat qilish jarayoniga nodavlat tashkilotlarni jalb etish hamda nufuzli xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim tashkilotini navbatdagi davlat akkreditatsiyasidan ozod qilish;
ta’lim sifatini nazorat qilishda “tahlika-tahlil” tizimini joriy etish hamda o‘rganishlar qamrovi, davomiyligi va davriyligini ta’lim sifatining o‘zgarishi darajasiga qarab belgilash;
oliy ta’lim muassasalariga berilayotgan akademik mustaqillikni inobatga olgan holda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Vazirlik uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov hamda tizimida oliy ta’lim muassasasi mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari belgilansin.

Ulashish: