Close
  • Call
    Center

  • Class
    schedule

  • Video
    surveillance

  • Virtual
    reception

  • Job
    vacancies



Urganch davlat universitetiga Abu Rayhon Beruniy nomi berilganligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan fikrlarga RASMIY MUNOSABAT!


Hurmatli hamyurtlar!

Yaqinda Urganch davlat universitetiga buyuk alloma, qomusiy olim va Markaziy Osiyoning faxri Abu Rayhon Beruniy nomini berish to‘g‘risida davlatimiz rahbarining qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosi bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetining ustavi ishlab chiqilib, tasdiqlandi va rasmiy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.  Albatta, bu qaror universitetning tarixiy ahamiyatini yuksaltirish, ilm-fan va madaniyatga qo‘shgan hissasini taʼkidlash hamda yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz va buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida qabul qilindi. 

Urganch davlat universitetiga Abu Rayhon Beruniy nomining berilishi bo‘yicha ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlar yuzasidan shuni ma’lum qilmoqchimizki, ulug‘ alloma Muhammad Muso al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, asrab-avaylashning naqadar muhimligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, shuningdek, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va ilm-fanning yuksak marralarini zabt etish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-martdagi 2834-sonli Qaroriga asosan, Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Muhammad Muso al-Xorazmiy nomi berilgan.

Urganch davlat universiteti doimo Muhammad Muso al-Xorazmiy va uning ilmiy va madaniy merosini ulug‘laydi. Ulugʻ ajdodimizning nomi o‘z o‘rni bilan faoliyatimiz davomida hamisha ishtirok etmoqda. 

Jumladan, 

–Xalqaro konferensiyalar va yosh matematiklarning xalqaro yozgi maktablari “Algebrani – algebra vatanida o‘rganamiz” shiori ostida xorijlik talabalar uchun Muahmmad Muso al-Xorazmiy nomi bilan anʼanaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda;

–Xitoy Xalq Respublikasining Pekin universiteti va Urganch davlat universiteti hamkorligida Al-Xorazmiy nomidagi Pekin-Urganch matematika markazi tashkil etilmoqda;

–Al-Xorazmiy nomidagi “Matematika” ilmiy-ommabop jurnali joriy etilmoqda;

–Shuningdek, 2025-yilning may oyida bakalavriat bosqichi talabalari uchun III Xalqaro matematika olimpiadasi o‘tkazish rejalashtirilgan.

Urganch davlat universitetiga Abu Rayhon Beruniy nomining berilishi esa, yana bir buyuk alloma va ilmiy tafakkur ramzining sharaflanishi bo‘lib, o‘zida tariximizning boyligini aks ettiradi.  Abu Rayhon Beruniy nafaqat o‘z davrining buyuk allomasi, balki Xorazmning Kat shahrida tavallud topganligi barchamizga ma‘lum. Ibn Ma’mun davrida II akademiyada olimlar jamoasini boshqargan. Shu bilan birgalikda, ilmning barcha sohalarida samarali ijod qilgan universal, qomusiy olimdir. Oʻzining ilmiy kashfiyotlari bilan butun dunyoda tan olingan ulugʻ ajdodimizning nomi ilm-fan sohasidagi yuksak maqsadlarga intilish, bilimni qadrlash va yoshlarimizni ajdodlarga munosib avlod boʻlishlariga undovchi yorqin ramzidir. 

Hurmat bilan, 
Abu Rayhon Beruniy nomidagi 
Urganch davlat universiteti maʼmuriyati

Ulashish: