Close
  • Call
    Center

  • Class
    schedule

  • Video
    surveillance

  • Virtual
    reception

  • Reserve
    candidate

  • Green
    University



Umumiy ildizlar va madaniy izlar – san’at orqali do‘stlik va hamkorlikning mustahkamlanishi


13-oktabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Filologiya va san’at fakulteti hamda Turkiya Respublikasining Çanakkale Onsekiz Mart universiteti Güzel san’atlar fakulteti o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik doirasida “Umumiy ildizlar va madaniy izlar” nomli xalqaro ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazma san’at orqali ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy, ma’naviy va madaniy mushtaraklikni yana bir bor namoyon etdi. Tadbirning bosh maqsadi — pedagogik mahoratni oshirish, nazariy bilimlarni boyitish, yangi iste’dodlarni kashf etish hamda talaba va o‘qituvchilarning ilmiy-amaliy salohiyatini rivojlantirishdan iborat.

Ochilish marosimida UrDU rektori v.v.b. S.Xodjaniyazov, Filologiya va san’at fakulteti dekani D.G‘ayipov hamda Çanakkale Onsekiz Mart universiteti professori Minara Guliyeva so‘zga chiqib, ikki oliygoh o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladilar. Ular san’at sohasida qo‘shma loyihalar, simpoziumlar va ko‘rgazmalarni muntazam tashkil etish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Tashkil etilgan ko‘rgazmada Çanakkale Onsekiz Mart universiteti Güzel san’atlar fakulteti hamda UrDU San’at kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan rassomchilik va haykaltaroshlik asarlari namoyishga qo‘yildi. Har bir asarda milliy ruh, estetik did va xalqona qadriyatlarning uyg‘unligi sezilib, tomoshabinlarda chuqur taassurot uyg‘otdi.

Tadbir davomida San’at kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan milliy liboslar kolleksiyasi ham namoyish qilindi. Ushbu ko‘rgazma nafaqat ijodiy yutuqlar maydoni, balki san’at orqali xalqlarni yaqinlashtiruvchi madaniy ko‘prikka aylandi.

Eslatib o‘tamiz, “Umumiy ildizlar va madaniy izlar” nomli ko‘rgazma shu yilning 24-oktabriga qadar UrDU Axborot-resurs markazining 1-qavatida faoliyat yuritadi.

San’at — xalqlarni birlashtiruvchi eng go‘zal til.

Share