Muhtaram yurtdoshlar, qadrli universitetimiz jamoasi!
Siz, azizlarni, kirib kelayotgan Yangi 2025-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga eng katta boylik boʻlgan salomatlik va oilaviy baxt tilayman. Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayz-u baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!
Albatta, oʻtayotgan har bir yil bizga umr va vaqt qadrini yanada chuqurroq his etishimizga, amalga oshirayotgan ishlarimizni sarhisob qilishimizga koʻzgu, kelajak rejalarimizni tuzishga, ustuvor maqsadlarimizni aniqlab olishimizga turtki boʻladi. Ortda qolgan yil universitetimiz uchun ulkan yutuq va marralarga boy yil boʻldi.
Shu oʻrinda 2024-yil davomidagi jamoamizning ezgu ishlari va mehnatlari samarasi boʻlmish erishgan yutuqlarimizni ayrimlarni mamnuniyat bilan keltirib oʻtmoqchiman. Jumladam, 2024-yilda professor-o‘qituvchilarning 82 nafari PhD dissertatsiyasini, 9 nafari DSc – doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildilar, OAK tomonidan 37 nafar dotsent va 7 nafar professor ilmiy unvoniga ega bo‘ldilar.
2024-yilda 317 ta Scopus, 112 ta Web of Science bazalariga kirgan jurnallarda maqolalar chop qilindi. Olimlarimiz tomonidan 9 ta ixtiro, 2 ta foydali model, 4 ta sanoat namunasi, 2 seleksiya yutugʻi (oʻsimlik navi) boʻyicha patent guvohnomalari va 15 ta EHM dasturlari uchun mualliflik huquqi guvohnomalari olindi.
Ayni paytda universitetda 280 nafar fan nomzodi (PhD), 37 nafar fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega professor-oʻqituvchilar hamda 172 nafar dotsent, 33 nafar professor ilmiy unvonlariga ega professor-oʻqituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ilmiy salohiyat – 35 %ni tashkil etdi.
Urganch davlat universitetida ilmiy-tadqiqot va ta’limga yo‘naltirilgan 17 ta xorijiy loyihalar tashkil etilgan bo‘lib, 180 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, 5 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan. Universitet xalqaro oliy ta’lim reytinglarida egallab turgan pog‘onasini muntazam ravishda yangilab bormoqda. Xususan, “QS World University Rankings” xalqaro reyting agentligi Osiyo universitetlarining 2025-yil uchun reyting natijalarida ham yuqori natija ko‘rsatdi, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitet sifatida e’tirof etilib, Osiyo reytingida 661-680-o‘rindan joy oldi, Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari orasida esa 44-o‘rinni egalladi.
Global tahlil agentligi 2025-yil uchun e’lon qilgan “QS Quacquarelli Symonds” Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha jahondagi eng sara universitetlar reytingi – “QS Sustainability Rankings – 2025” da O‘zbekistonning yettita oliygohi qatorida Urganch davlat universiteti ham joy oldi.
Yakunlanayotgan eski yilda talaba-yoshlarimizning egallagan yuksak marralari butun jamoani behad mamnun qildi. Universitetning 17 nafar talabasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lishdi. Qolaversa, xalqaro va respublika fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritishdi.
2024-yil davomida universitetimiz sportchi talabalari Respublika miqyosidagi sport musobaqalarida ham faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallashdi. Xususan, “Talabalar ligase” sport musobaqalari respublika bosqichida oliygohning Stol tennis jamoasi 1-o‘rin (Oltin medal), Basketbol jamoasi 2-o‘rin (Kumush), Voleybol jamoasi 3-o‘rin (Bronza)ni qo‘lga kiritishdi. Voleybolchi qizlar jamoamiz “Milliy Liga” bahslarida faxrli 1-o‘rin (Oltin medal)ni, Gandbol o‘smirlar jamoasi “O‘zbekiston kubogi” bahslarida 3-o‘rin (Bronza) sohibi bo‘lishdi. “Besh tashabbus olimpiadasi”ning Respublika bosqichida Yengil atletikachi talabalarimiz 2-oʻrin (Kumush) medal sohibi boʻlishdi. Shuningdek, Voleybol bo‘yicha bo‘lib o‘tgan U-20 “O‘zbekiston Chempionati”da talaba qizlarimiz faxrli 1-o‘rin (Oltin medal)ni, yigitlarimiz esa 3 -o‘rin(Bronza)ni qo‘lga kiritishdi.
Aminmanki, kirib kelayotgan 2025-yil ham nafaqat jamoamiz uchun, balki butun O‘zbekiston xalqi uchun yanada barakali va ilm-fan taraqqiyotida yuksak natijalarga ega sermahsul yil bo‘ladi. Bu borada barchangizga kuch-quvvat, kasbiy barkamollik, o‘quv, ilmiy-pedagogika faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman. Yurtimizning birligiga, yakdilligiga also ko‘z tegmasin. Bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklar ro‘yobga chiqsin!
Kirib kelayotgan Yangi 2025-yil barchamizga muborak bo‘lsin!
Mamnuniyat bilan,
Xodjaniyazov Sardor Umarovich
Urganch davlat universiteti rektori v.v.b., professor.