Close

1-SAVOL:
Magistratura bosqichiga kirish imtihonlari qachon yakunlanadi?

JAVOB:

2021/2022-oʻquv yili magistratura mutaxassisliklariga kirish imtihonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bunda birinchi bosqich mutaxassislik (ixtisoslik) fanidan imtihon oliy taʼlim muassasalarida joriy yilning 20-avgust kuniga qadar oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqich imtihonlari chet (ikkinchi chet) tili fanidan Davlat test markazi tomonidan belgilangan muddatlarda birinchi bosqich imtihonlari tugallangandan soʻng tashkil etiladi.

Maʼlumot uchun, joriy oʻquv yilida 85 ta OTMda magistratura mutaxassisliklariga kirish imtihonlari tashkil etilgan boʻlib, jarayonlarni onlayn imtihon.edu.uz platformasi orqali jonli kuzatib borish mumkin.

2-SAVOL:
Magistraturaga hujjat topshirgan edim. Endi qachon boʻlishini qanday bilaman. Magistratura imtihonlari qachon boshlanishi haqida maʼlumot bersangiz.

JAVOB:
Hozirgi kunda magistraturaga kirish sinovlarini oʻtkazish boʻyicha har bir oliy taʼlim muassasasida reja-jadval (grafik) ishlab chiqilgan. Imtihonlar aynan shu reja-jadval boʻyicha oʻtkazilmoqda. Magistraturaga kirish sinovlari haqidagi toʻliq maʼlumotni Siz topshirgan oliy taʼlim muassasasining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali bilib olishingiz mumkin.

3-SAVOL:
Bu yil magistratura imtihonlari natijasiga ko‘ra maksimal ball nechchi bo‘ladi?

JAVOB:
Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p (maksimal) to‘planishi mumkin bo‘lgan ball — 250 ni tashkil etadi:

➖mutaxassislik bo‘yicha maxsus fanlardan — 100 ball;

➖chet tili  (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili) fani bo‘yicha — 50 ball;

➖OTM bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi — 100 ball.

4-SAVOL:
Assalomu alaykum, men IELTSdan 5.5 ball olganman. Men DTM o‘tkazadigan test sinovlariga qatnashamanmi?

JAVOB:
Xalqaro tan olingan chet tilini bilish darajasi haqidagi sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TestDaF (TD№3), CEFR bo‘yicha kamida B2) yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan beriladigan Chet tilini bilish darajasi haqidagi B2 yoki C1 darajasidagi sertifikat taqdim etganlarga chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.

5-SAVOL:
Men nomdor stipendiya sohibiman. Magistratura imtihonlariga qatnashamanmi?

JAVOB: 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari, shuningdek “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari talabalari va bakalavr darajasiga ega yoshlar oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassisliklarga tanlovdan tashqari alohida davlat grantlari asosida qabul qilinadi va ular kirish imtihonlarida ishtirok etishmaydi.

6-SAVOL: 
Magistratura ta’lim bosqichidagi kirish imtihonlarida, ya’ni mutaxassislik yo‘nalishi imtihoniga homiladorlik sababli (tug‘ruq bo‘lganligi) belgilangan kuni qatnasha olmagan taqdirda imtihon uchun qo‘shimcha kun ajratilishi mumkinmi?

JAVOB:
Normativ-huquqiy hujjatlarda mazkur holat bo‘yicha ma’lum bir tartib belgilanmagan. Ammo bu holatda talabgor tegishli OTMga uzrli sababini ma’lum qilgan holda imtihonni (faqat) oldinroq kunga o‘tkazishni so‘rab, rasmiy tarzda murojaat qilish tavsiya etiladi (tug‘ruq jarayonidan avval).